(8-436) 21-000-22
Dushanba - Juma: 08:00-17:00

“O‘zavtosanoat” rahbari: Avtosanoat monopoliyasiga barham berish — ustuvor vazifamiz

O‘zbekiston avtomobil sanoati monopolizatsiyani tugatish yo‘lidan bormoqda, dedi "O‘zavtosanoat” kompaniyasi boshqaruv raisi Umidjon Salimov payshanba kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida. Bu haqda "Gazeta.uz” xabar bermoqda.
Avvallari milliy ishlab chiqaruvchi Chevrolet brendi bilan cheklangan bo‘lsa, hozirda "multibrending biz uchun ustuvor vazifalardan biri”, dedi u. Kompaniya rahbari hozirda Yevropa ishlab chiqaruvchilari, jumladan, Volkswagen, shuningdek, Xitoy va Janubiy Koreya kompaniyalari bilan muzokaralar olib borilayotganini ma’lum qildi.
Umidjon Salimov "O‘zavtosanoat” hukumat qarori bilan Asakadagi GM Uzbekistan avtomobil zavodi aksiyalarini sotib olmoqda:
"Hozirda General Motors kompaniyasi aksiyalari 10 foizni tashkil etmoqda… Biz aksiyalarni to‘liq sotib olish jadvali asosida davom ettirayapmiz”.
"Jarayon yakuniga yetganidan so‘ng zavod nomini o‘zgartiramiz. Bu boshqa nom bo‘ladi. Biz hozir ushbu zavodga qanday nom berilishi haqida o‘ylayapmiz”, — qo‘shimcha qildi u.
Parallel ravishda Toshkentdagi GM Powertrain Uzbekistan motor zavodi bo‘yicha ham muzokaralar olib borilmoqda. Hozirda ushbu zavodning 70 foiz aksiyalari GM kompaniyasiga tegishli. Kelgusida korxonadan boshqa motorlarni ishlab chiqarish uchun foydalanish masalasi muhokama qilinmoqda.
Avtosanoatni monopolizatsiyadan chiqarish vazifasi davlat rahbari tomonidan yuklatilgan.
"O‘zbekistonda nafaqat GM, balki boshqa avtoishlab chiqaruvchilar mahsulotlari ham ishlab chiqarilsin”, — deya ta’kidladi "O‘zavtosanoat” rahbari.
GM texnik hamkorlik sharoitida O‘zbekistonda qoladi. Kelishuvlarga ko‘ra "O‘zavtosanoat” General Motors modellarini ishlab chiqarishda davom etishi mumkin.
Umidjon Salimov korrupsiyaga qarshi kurashish kompaniyaning ustuvor vazifalaridan etib belgilanganini qayd etib o‘tdi:
"Savdoda, dilerlik markazlarida nimalar bo‘layotganini ko‘rib turibsiz. Sotish tizimini o‘zgartirish — sakkiz asosiy banddan iborat bo‘lgan siyosatimizning yana bir ustuvor maqsadlaridan. Umid qilamizki, yaqin yarim yil-sakkiz oyda biz ushbu bandlarni to‘liq joriy etamiz”.

Manba: https://daryo.uz/2018/05/31/ozavtosanoat-rahbari-avtosanoat-monopoliyasiga-barham-berish-ustuvor-vazifamiz/