(8-436) 21-000-22
Dushanba - Juma: 08:00-17:00

Qadimiy tarixiy obidalar

 
RABOТI MALIK.
Karmana — Buxoro yo’lida — bugunda qayta tiklangan qadimiy karvon yo’li bo’yida Raboti Malik (Shoh Raboti) karvonsaroyi joylashgan. U XI asrning 70-yillarida Qoraxoniylardan bo’lmish Shamsulmulk Nasr ibn Ibrohim (1068–1080 y.) tomonidan qurilgan bo’lib, XII asrning birinchi choragida yana shu Qoraxoniylardan bo’lmish arslonxon muhammad ibn sulaymon (1102–1130 y.) tomonidan ta’mirlangan.
Arxeologik tadqiqotlar paytida (XX asrning 70-yillari va shu asrning oxiri — XXI asr boshlari) bu noyob binoning murakkab tuzilishi aniqlandi. U 100×100 m maydonni egallagan bo’lib, mustahkam devorlar bilan o’ralgan va ikki qismga bo’lingan.
Raboti Malik peshtoqidan bir oz narida suv manbai — diametri 13 metrcha keladigan gumbaz ostida karvonsaroyga zamondosh bo’lgan sardoba joylashgan. Sardoba hovuzining aylana devori yerdan 12 metr chuqurlikka qadar pishiq g’ishtdan qurilgan bo’lib, unda muzday toza suv butun yoz bo’yi saqlangan. XVI asrdagi mualliflardan biri Raboti Malik sardobasining suvini makkadagi laziz zamzam suviga qiyoslaydi. Sardoba karvonsaroy kabi yolg’iz yo’lovchilar uchun ham, butun boshli karvonlar uchun ham qo’nalg’a hisoblangan.
Karvonsaroy o’zining dastlabki vazifasi e’tibori bilan XVIII asrgacha xizmat qilib kelgan. unda amir temur va uning avlodlari, buxoroda hukmronlik qilgan sulolalarning xonlari, elchilar, savdo karvonlari va sayyohlar qo’nib o’tgan. Hofizi abro’ning ma’lumotiga ko’ra, Ulug’bek 1420 yilda ushbu mintaqalarda to’xtab, qirq kun ov qilgan. XIX asr — XX asrning boshlarida bu yerda rabot nomi bilan ma’lum umri qisqagina bo’lgan qishloq ham shakllangan.

RABOТI MALIK SARDOBASI (XIV.)
Raboti Malik peshtoqidan bir oz narida suv manbai — diametri 13 metrcha keladigan gumbaz ostida karvonsaroyga zamondosh bo’lgan sardoba joylashgan. Sardoba hovuzining aylana devori yerdan 12 metr chuqurlikka qadar pishiq g’ishtdan qurilgan bo’lib, unda muzday toza suv butun yoz bo’yi saqlangan. XVI asrdagi mualliflardan biri Raboti Malik sardobasining suvini makkadagi laziz zamzam suviga qiyoslaydi. Sardoba karvonsaroy kabi yolg’iz yo’lovchilar uchun ham, butun boshli karvonlar uchun ham qo’nalg’a hisoblangan.
Karvonsaroy o’zining dastlabki vazifasi e’tibori bilan XVIII asrgacha xizmat qilib kelgan. unda amir temur va uning avlodlari, buxoroda hukmronlik qilgan sulolalarning xonlari, elchilar, savdo karvonlari va sayyohlar qo’nib o’tgan. Hofizi abro’ning ma’lumotiga ko’ra, Ulug’bek 1420 yilda ushbu mintaqalarda to’xtab, qirq kun ov qilgan. XIX asr — XX asrning boshlarida bu yerda rabot nomi bilan ma’lum umri qisqagina bo’lgan qishloq ham shakllangan.

DEGGARON MAJMUASI (XIV.)
Karmana shahrining 30 km g’arbidagi hazora qishlog’ining yonida Movarounnahrdagi eng qadimgi masjidlardan biri — Deggaron masjidi joylashgan. Uning qurilish davri XI asr boshlaridan nariga o’tmaydi. Bu bino Zarafshonning so’l qirg’og’ida, endilikda vayron bo’lgan, lekin ilgari yaxshi mustahkamlanib qurilgan qadimiy kichik bir qishloq hududida joylashgan. qishloqning ham, masjidning ham nomi bu yerda yashagan, aholining asosiy mashg’uloti — o’tga chidamli qozon tayyorlashdan olingan.
Shunisi e’tiborliki, Хojagon Sulukining mashhur sufiylaridan biri bo’lmish Shayx Mavlono Orif Deggaroniy (1313–1376) shu qishloqda tug’ilgan va shu yerda dafn etilgan. Bu zot Naqshbandiya tariqatidagi Хojagon Sulukining buyuk namoyandasi bo’lmish Bahouddin Naqshbandning ustozlaridan biri hisoblanadi.
Keyinroq, ХVII asrda Deggaron qishlog’i masjiddan bir oz narida joylashgan Hazora qal’asiga aylangan. Masjid turli texnika usulida qurilgan: tashqi yuzasi, ustunlari va poydevorining bir qismi — pishiq g’ishtdan, devorlari xom g’isht va paxsadan iborat. gumbazlarining ichki qismi ravoqlardan, devorga tegib turgan yoki alohida qad ko’targan ustunlar g’ishtdan bino qilingan. Markaziy gumbazni ko’tarib turgan to’rt ravoq g’isht va ganjdan sebarga shaklidagi o’ziga xos bezaklar bilan bezatilgan. markaziy gumbaz atrofidagi sakkizta kichik gumbaz «balxi» uslubidagi kichik ravoqlar orqali masjidning tashqi devorlari va ichki ustunlariga tayangan holda qurilgan. Bu joy hozirda qayta ta’mirlanib, majmuada muzey faoliyat ko’rsatmoqda.

NUROТA CHASHMASI
Nurota chashmasi Yaratganning noyob tuhfasi bo’lib, u bir necha ming yillar davomida ona zaminga obi hayot, insonlar qalbiga nur bag’ishlab keladi.
Akademik Ya.G’ulomovning fikricha, Nur chashmasining paydo bo’lish tarixi bir necha ming yillik uzoq o’tmishga borib taqaladi.
Тadqiqotchi P.Sh.Zokirovning fikricha, u uchlamchi antik davrdan buyon oqa boshlagan.
Chashma 20 x 30 metrli darg’ot – hovuzdan iborat bo’lib, u shimolga tomon oqadi. Chashma suvi dastlab ikkiga bo’linadi va ular «Obi rosta» hamda «Obi chappa» deb nomlanadi.
«Obi rosta» o’z navbatida: «Marg’i qozi», «Marg’i xoniy»; «Obi chappa» esa: «Marg’i mirishkor», «Marg’i mirgado» ariqlari orqali shaharga tarqaladi. Qadimdan shahar aholisi chashma suvidan unumli foydalangan. Qish faslida to’rt ariq suvi shahardagi to’rt hovuzga to’plangan va ular hozir saqlanib qolmagan.
Chashma suvi tog’ ichidan, toshlar orasidan sizib o’tarkan, u ana shu toshlardagi turli xil kimyoviy birikmalarni, tog’ jinslaridagi har xil element-larni eritib o’zi bilan olib keladi. Minerallashgan suvlar yer yuziga chashma bo’lib otilib chiqadi.
Nur chashmasi O’zbekistonning eng sersuv chashmalaridan bo’lib, undan bir soniyada 380-400 litr suv qaynab chiqadi.
Nur chashmasi dengiz sathidan 524 metr balandlikda joylashgan. Chashma suvi xushta’m, hidsiz, rangsiz, yumshoq, shirin bo’lib, uning tarkibida xlor, sulfat, kaliy, magniy, kalsiy, kremniy, karbonat, natriy kabi 20 xil mikroelementlar borligi aniq-langan. Harorati esa hayratomuz: qishin – yozin doimo +19,50S. Akademik K.Z.Zokirov: «Asr-lar osha Nurotaning dong’ini olamga yoyib kelayotgan narsa bu uning chashmasidir»,- deb bejiz aytmagan.
Dastlab chashma suvini 1912 yilda rus olimlari A.Dimo va professor Nikolayevlar tekshirgan-lar va uning suvi tarkibida 8 xil shifobaxsh minerallar borligini aniqlaganlar.
Rus olimi N.A.Kenesarin «Nur chashmasi tarkibida bir qancha mikroelementlar va kimyoviy birikmalar mavjud bo’lib, bu inson organizmi uchun zarur bo’lgan shifobaxsh suvdir» - deb yozgan.
Nur chashmasi va uning atrofidagi tabiiy - antropogen landshaft - noyob qo’riqxonadir. Bu yerda tabiiy (chashma landshafti), biologik (shohbaliqlar), me’moriy (masjidlar), arxeologik (Nur qal’asi), tarixiy (nur tarixi shu yerdan boshlanadi), tibbiy (shifo-baxsh suv) yodgorliklar betakror-ligi, uyg’unligi bilan dunyoda yagonadir.
Olimlarning fikriga ko’ra, Nur chashmasining geologik yoshi bir necha ming yil bo’lib, chashma atrofidagi madaniy qatlam yoshi esa 35-40 ming yilga tengdir.
Nur chashmasi O’zbekiston xalqining ardoqli go’shasidir. Uning g’aroyibligini kurib Alloxning kudratiga lol qoladi kishi. Ayniqsa, bahor oylarida ertalabki quyoshning shaffof nuri ta’sirida chashma uzra paydo bo’ladigan behisob serjilo nurlar barchani sehrlab ko’yadi. Тabiiy nur ta’sirida suv yuzasiga ko’tarilgan baliqlar o’zining quvnoq raqsi bilan porlab turgan nurni yanada yog’dulantiradi. Chashma uzra tovlanayotgan nurni har kuni minglab odamlar hayrat bilan ko’rishadi va ushbu sir- sinoatning guvohi bo’lishadi.

QOSIM SHAYХ
Markaziy Osiyo tarixida alohida mavqega ega bo’lgan davrlardan biri – bu shayboniylar hukmronligi davridir. Bu davr bir asr davom etib, shu davr tarixida chuqur iz qoldirgan shayboniyzodalardan biri - Abdullaxon binni Iskandarxon binni Jonibekxondir. U 1534 yilda Karmana yaqinidagi Ofarinkentda (hozirgi Хatirchi tumani atrofida) tug’ilib, hayotining ko’p qismi Karmana bilan bog’liqdir. Abdullaxon va uning otasi Iskandarxon davrida Buxoro xonligi, jumladan, uning ajralmas qismi bo’lgan Karmana ham rivojlangan, obod mavzelardan biriga aylangan. ХVI asrning ikkinchi yarmida Buxoro poytaxtga aylanib, gullab-yashnashida mamlakat hukmdori Abdullaxonning xizmatlari salmoqli bo’lgan bo’lsa, zabardast hukmdorning xarbiy-siyosiy muvaffaqiyatlarida esa Karmanalik mashhur sufiy hazrat qutb ul-avliyo Qosim Shayx Azizonning hissasi beqiyosdir. Markaziy Osiyo tarixidan ma’lumki, har bir hukmdorning bir necha diniy ustozi - piri bo’lgan. Buxoro hukmdori Abdullaxonning mashhur Jo’ybor xo’jalaridan bo’lgan bir necha pirlaridan biri qosim Shayx Azizondir. Qosim Shayx ХVI asrning yirik ma’naviy barkamol shayxlaridan edi. Jo’ybor shayxlari mamlakat poytaxti Buxoroda yashaganlar, Qosim Shayx esa Karmanada umrguzaronlik qilgan. Qosim Shayx ХVI asr ma’naviy-siyosiy hayotida muhim o’rin egallab, shu davr mamlakat tasavvufining yirik namoyandalaridan biri bo’lib, u kishining ma’naviy silsilasi Хo’ja Axmad Yassaviyga borib taqaladi. Qosim Shayxning anchagina muridlari ham bo’lgan. Masalan, Samarqand yaqinidagi Ashobod qishlog’ida yashab o’tgan Хazrat Shayx Olim Azizon va shu viloyatning Sayid Ohu qishlog’idan bo’lgan Хazrat Pirimlar u kishining mashhur muridlaridan hisoblangan. Abdullaxon mamlakat ijtimoiy-siyosiy hayotiga doir masalalarni hal qilishda qiynalgan vaqtlarida doimo Qosim Shayxga murojaat qilib turgan. U kishi esa shohga zarur maslahatlar berib, muxolif tomonlar o’rtasidagi turli nizolarni bartaraf qilishda yordam qilgan. Masalan, Buxoro hukmdori shayboniyzoda Abdulazizxon 1550 yilda vafot etgach, shayboniylar sulolasining turli vakillari o’rtasida Buxoro taxti, Karmana va Miyonkol uchun kurash boshlanib ketadi. 17 yoshli Abdullaxon shu murakkab vaziyatda o’zini qo’llab-quvvatlash va ko’mak berishini so’rab Qosim Shayxga murojaat qiladi. Shayx uni duo qilib, ko’p payt mudofaada turishni maslahat beradi. Shunday yurishlardan biri - Karmana qo’rg’oni uchun bo’lgan 12 kunlik janglardan so’ng Abdullaxon dushman bilan tinchlik sulhi tuzadi va qon to’kilishining oldini olib ko’p kishini o’limdan asrab qoladi. Bu bevosita Qosim Shayx Azizon maslahati bilan bo’ladi. ХVI asrning ikkinchi yarmida Abdullaxon tasarrufidagi Shahrisabzga Тurkiston hokimi Bobosulton da’vogarlik qilganda, ma’lum harbiy-siyosiy vaziyatni hisobga olib va ortiqcha qon to’kilishining oldini olishga urinib, Qosim Shayx Azizon uni da’vogarga vaqtincha bo’lsada, topshirishni xonga maslahat beradi va bu maslaxat ham amalga oshadi. 1569 yilda Тurkiston va Samarqand hukmdorlari Dabusiya va Karmanani egallab, Abdullaxon qo’shinlari bilan kurashni G’ijduvonning G’ishti yaylovlarida davom ettirayotganlarida Buxoro hukmdori Abdullaxonning qo’li baland keladi va uning raqiblari Qosim Shayxga murojaat qilib, xon bilan yarashtirib qo’yishni so’raydilar. Shayx jangu jadallardan madori qurigan, bosqinchilar joniga tekkan aholiga xayri-xoh bo’lib, ularni yarashtirib qo’yadi. Qosim Shayx Azizon 1576-1577 yillarda bir-biri bilan kurashib turgan uch hukmdorni - Хorazm shohi Хoji Muhammadxonni, Qipchoq dashtidan qozoq, Eshimxon va Abdullaxonni Karmanada bir kigiz ustida o’tirg’izib, sulh to’zishga erishganligi «Abdullanoma»-da qayd etilgan. Qosim Shayx hayotida bunday holatlar ko’p marta bo’lgan. Qosim Shayx Azizon xalq, manfaatlarini butun umri davomida himoya qiladi. U kishi soliqchilar tazyiqiga yo’l qo’ymaydi, mamlakat farovonligi, tinchligi va osoyishtaligi uchun umr bo’yi kurashadi. Хofiz Тanish ibn Muhammad Buxoriyning «Abdullanoma» asarida Qosim Shayx haqida «Ul xazratning kimyo xosiyat xayollarida butun valiyat jamiyatini birlashtirmoq, turli tabaqadagi xalqlarning yaxshi kun kechirmog’i, mamlakat va mulkning osoyishtaligi, yaxshilarga himmat va iltifot ko’rsatmoq bo’lgan», deyilgan so’zlar bor. Qosim Shayxning «Raddi shiya» (Shia dinini rad etish) asari borligini ХХ asrning boshida yashagan nemis olimi, sharqshunos Brokelman eslatadi. Qosim Shayxning asari borligini boshqa olimlar ham tilga oladi. Afsuski, bu asarlar tarix qa’rida yo’qolgan. Qosim Shayx salkam 80 yoshni qarshilab turganida, 1581 yilda vafot etadi. U kishi Karmanada dafn etilgan. 2003 yilda allomaning tavalludiga roppa-rosa 500 yil to’ldi.
Qosim Shayx Azizonga atab o’sha davr shoiri Mushfiqiy marsiya yozgan. Qosim Shayx maqbarasida u kishi haqda yozilgan tosh bo’lgan. Abdullaxon Qosim Shayxga atab qurdirgan maqbara toshlari ham chor mustamlakachilari tomonidan tashib ketilgan. Qosim Shayx maqbarasi yonidagi ziyoratxona ichida, mehrob yonida katta ko’k tosh (onikis) bo’lib, odamlar unga sig’inganlar. Bu tosh ham Leningradga olib ketilgan. Qosim Shayx to’g’risidagi ma’lumotlar asrlardan asrlarga ko’chib, bizning davrimizgacha yetib keldi. Shayx to’g’risidagi ma’lumotlar Хofiz Тanish al-Buxoriyning «Abdullanoma» («Sharafnomayi shohiy»), Hasan-xuja Nisoriyning «Muzakkiri ahbob», Хazrat Olim Shayx Azizonning «Ma’maot min nafaqat ul quds», Muhammad Тohir Eshon Хorazmiyning «Тazkirat ul-avliyo» («Тazkirai Тohir Eshon»), Sayid Muhammad Nosiriddinning «Тuhfat az-zoirin» asarlarida uchraydi. Muxammad Тohir Eshon «Тazkira»si Qosim Shayx to’g’risida qimmatli ma’lumotlarni beribgina qolmay, shayx ma’naviy silsilasi davomchilari, ya’ni xalifalari haqida ham so’z yuritadi. Ushbu me’morchilik majmuiga Qosim Shayx honaqosi, dahma ziyoratxona va Buxoro Amiri Abdullaxon qabri kiradi. Abdullaxon davrida bunyod etilgan Qosim Shayx xonaqosining sharqiy tomonida Qosim Shayx sag’anasi bor. Sag’ana o’rni taxminan 5-6 metr atrofida bo’lib pishiq g’isht bilan terilib chiqilgan, balandligi 1,5 - 2 metr. Dinga qarshi kurash ta’sirida sag’ana cho’kib, xaroba holiga keltirilgan, biroq Qur’oni Karim oyatlari yozilgan marmartosh bo’laklari hozirgacha saqlangan. Honaqoh taxminan 15-20 yil ichida qurub bitkazilgan. Honaqoh uch tomonining tashqi ko’rinishi kungurador qilib bezatilgan qurilmadan yasalgan. Honaqoh katta gumbazli masjid hamda o’nta bir - biriga tutash bo’lgan hujralar va ayvondan iborat. Honaqoh gumbazining balandligi 14 metrdan iborat. Qosim Shayx honaqosining sharqiy tomonida Qosim Shayx sag’anasi bor. Sag’ana marmar toshlar bilan va "Abdullaxon g’ishti" deb ataluvchi toshlar bilan terilib chiqilib ayrim joylari Qur’oni Karim oyatlari bilan yozilgan marmar toshlar bilan qoplangan. Hozir bu toshlarning ba’zilari saqlanib qolgan. 1910-1911 yillarda Buxoro amiri Olimxon otasi Amir Abdulaxatxonning qabrini Qosim Shayx dahmasi yoniga unga monand qilib qurdirgan. Ikkinchi honaqoh Qosim Shayx honaqohidan 300 yil keyinroq qurilgan bo’lsada yaxlit bir-biriga monand ulkan bir yodgorlik majmuasi tashkil qilingan.